Foydalanuvchi kelishuvi
FOYDALANUVCHI KELISHUVI
“Yaxshimarket” ilovasidan foydalanish shartlari
Kuchga kirish sanasi: 2026-yil 22-oktabr (1.0-tahrir)
Ushbu Foydalanuvchi kelishuvi (keyingi o‘rinlarda — “Kelishuv”) “MEZON RAQAMLI TEXNOLOGIYA” MChJ, STIR 313407631, davlat ro‘yxatidan o‘tgan manzili: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Cho‘lquvar MFY, 4-mitti tuman dahasi, 4/89-uy (keyingi o‘rinlarda — “Platforma” yoki “Marketplace”) hamda “Yaxshimarket” mobil ilovasi va/yoki veb-saytidan foydalanuvchi jismoniy shaxs (keyingi o‘rinlarda — “Foydalanuvchi” yoki “Xaridor”) o‘rtasidagi Platformadan foydalanish, Buyurtma rasmiylashtirish, to‘lov va yetkazib berishni tashkil etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Platforma elektron savdo maydonchasi operatori hisoblanadi. Mahsulotlarni Foydalanuvchiga tegishli Do‘kon sotadi, yetkazib berish esa Marketplace bilan alohida shartnoma tuzgan mustaqil Yetkazib beruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Platforma, qonunchilikda bevosita boshqacha nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno, Mahsulotning sotuvchisi yoki uni amalda tashuvchi shaxs hisoblanmaydi.
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish alohida Maxfiylik siyosati bilan ham tartibga solinadi. Buyurtmani tasdiqlashdan oldin Foydalanuvchiga tegishli Mahsulotlar qiymati, Servis haqi, Yetkazib berish haqi va Jami summa alohida ko‘rsatiladi.
1. ATAMALAR VA TA’RIFLAR
1.1. Ilova / Platforma / Marketplace — Platformaga tegishli yoki u tomonidan boshqariladigan “Yaxshimarket” mobil ilovasi, veb-sayti, dasturiy interfeyslar va boshqa elektron resurslar majmui bo‘lib, ular orqali Do‘konlar Mahsulotlarni taklif qiladi, Foydalanuvchilar esa Buyurtma rasmiylashtiradi.
1.2. Foydalanuvchi / Xaridor — Platformadan shaxsiy, oilaviy, maishiy yoki tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyojlari uchun foydalanadigan jismoniy shaxs.
1.3. Do‘kon / Sotuvchi — Platforma bilan alohida shartnoma tuzgan va Platforma orqali o‘z Mahsulotlarini Foydalanuvchilarga sotadigan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor.
1.4. Mahsulot — Do‘kon tomonidan Platforma orqali chakana sotuvga taklif etiladigan tovar.
1.5. Tovar taklifi — Do‘konning Platforma orqali Foydalanuvchiga yo‘naltirilgan, Mahsulot, uning narxi va chakana oldi-sotdining boshqa tegishli shartlarini o‘z ichiga oluvchi taklifi.
1.6. Buyurtma / Savdo buyurtmasi — Foydalanuvchi tomonidan Platforma orqali tanlangan Do‘konning bir yoki bir nechta Mahsulotlarini sotib olish uchun shakllantirilgan elektron buyurtma. Platformada Buyurtmaga alohida Order ID berilishi mumkin.
1.7. Yetkazib beruvchi — Marketplace bilan alohida shartnoma asosida Buyurtmaga bog‘langan tashish topshirig‘ini o‘z nomidan, o‘z kuchi va vositalari bilan hamda o‘z tavakkalchiligi hisobidan bajaruvchi mustaqil uchinchi shaxs.
1.8. Tashish topshirig‘i — Marketplace tomonidan Yetkazib beruvchiga yuboriladigan, Mahsulotni Do‘kondan qabul qilish, Foydalanuvchiga yetkazish va zarur hollarda qaytarishni nazarda tutuvchi mustaqil yetkazib berish topshirig‘i. Unga Delivery ID berilishi mumkin. Bir Buyurtmaga bir yoki bir nechta Tashish topshirig‘i bog‘lanishi mumkin.
1.9. Mahsulotlar qiymati — tegishli Buyurtma bo‘yicha Foydalanuvchi sotib olayotgan Mahsulotlarning Platformada aks ettirilgan yakuniy chakana qiymati. Servis haqi va Yetkazib berish haqi bunga kirmaydi.
1.10. Servis haqi — Foydalanuvchidan Platformada Buyurtmani rasmiylashtirish va unga bog‘liq xizmatlar uchun alohida undirilishi mumkin bo‘lgan, miqdori Buyurtma tasdiqlanishidan oldin aniq ko‘rsatiladigan summa. Servis haqi Do‘konning Marketplace oldidagi B2B xizmat haqidan alohida hisoblanadi.
1.11. Yetkazib berish haqi — Foydalanuvchidan muayyan Buyurtmani yetkazib berishni tashkil etish uchun undiriladigan va Buyurtmani tasdiqlashdan oldin Platformada alohida ko‘rsatiladigan summa.
1.12. Jami summa — tegishli chegirma va rag‘batlar hisobga olingandan keyingi Mahsulotlar qiymati, Servis haqi va Foydalanuvchidan undiriladigan Yetkazib berish haqining yig‘indisi.
1.13. To‘lov tashkiloti — qonunchilikka muvofiq to‘lovlarni qabul qilish, qayta ishlash, taqsimlash yoki qaytarish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi bank va/yoki to‘lov tashkiloti.
1.14. Hisob — Foydalanuvchining telefon raqami bilan bog‘langan Platformadagi shaxsiy sahifasi.
1.15. Yordam xizmati — Platformaning Ilovadagi “Yordam” bo‘limi orqali ishlaydigan qo‘llab-quvvatlash xizmati.
1.16. Elektron chek — amaldagi fiskal talablar asosida elektron shaklda shakllantiriladigan va Foydalanuvchiga taqdim etiladigan fiskal hujjat.
1.17. Kontent — Platformadagi matn, rasm, video, dizayn, dasturiy ta’minot, nom, logotip va boshqa materiallar.
1.18. Foydalanuvchi materiallari — Foydalanuvchi Platformaga joylashtirgan baho, sharh, rasm va boshqa materiallar.
2. KELISHUV PREDMETI
2.1. Platforma Foydalanuvchiga Platformaning mavjud funksiyalari doirasida undan foydalanish imkonini beradi, Buyurtmalarni shakllantirish, to‘lovlarni texnik tashkil etish, Do‘kon bilan elektron axborot almashinuvini hamda yetkazib berishni tashkiliy va texnik jihatdan muvofiqlashtiradi.
2.2. Mahsulotga oid chakana oldi-sotdi shartnomasi bevosita Do‘kon va Foydalanuvchi o‘rtasida tuziladi. Platforma Mahsulotning sotuvchisi yoki mulkdori hisoblanmaydi.
2.3. Yetkazib berish Platforma tomonidan jalb qilingan mustaqil Yetkazib beruvchi orqali tashkil etiladi. Foydalanuvchi Marketplace bilan Yetkazib beruvchi o‘rtasidagi tashish shartnomasining tarafi hisoblanmaydi.
2.4. Platforma To‘lov tashkilotlari, Yetkazib beruvchilar, IT-provayderlar, fiskal operatorlar va boshqa uchinchi shaxslarni jalb qilishga haqli. Bu Foydalanuvchining qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini cheklamaydi.
2.5. Platformadan foydalanishning o‘zi Mahsulotga mulk huquqini Platformaga o‘tkazmaydi. Mahsulotga mulk huquqining Foydalanuvchiga o‘tishi Do‘kon bilan Foydalanuvchi o‘rtasidagi oldi-sotdi munosabatlari va qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
3. KELISHUVGA ROZILIK VA ELEKTRON HARAKATLAR
3.1. Foydalanuvchi Kelishuvga ro‘yxatdan o‘tishda tegishli belgi yoki tugmani bosish, Buyurtmani tasdiqlash yoxud Platforma funksionalida nazarda tutilgan boshqa aniq tasdiqlash harakatini amalga oshirish orqali rozilik bildiradi.
3.2. Telefon raqamiga yuborilgan bir martalik SMS-kod Foydalanuvchini aniqlash va uning tegishli elektron harakatini tasdiqlash vositasi sifatida qo‘llanadi. SMS-kod qonunchilikda talab etiladigan elektron raqamli imzo o‘rnini faqat qonunchilik va qo‘llanilayotgan texnologiya bunga yo‘l qo‘ygan hollarda bosishi mumkin.
3.3. Kelishuv Foydalanuvchi uni qabul qilgan paytdan kuchga kiradi va Hisob o‘chirilguniga yoki Kelishuv boshqa asosda bekor bo‘lguniga qadar amal qiladi. Buyurtmaga oid yuzaga kelgan majburiyatlar esa ular to‘liq bajarilguniga qadar saqlanadi.
3.4. Foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tmasdan Platformadagi ochiq ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Buyurtma rasmiylashtirish uchun Platforma talab qiladigan identifikatsiya va ro‘yxatdan o‘tish harakatlari bajarilishi lozim.
4. RO‘YXATDAN O‘TISH VA HISOB
4.1. Ro‘yxatdan o‘tish uchun Foydalanuvchi mobil telefon raqamini kiritadi va unga yuborilgan SMS-kodni tasdiqlaydi. Buyurtma berish uchun ism, yetkazib berish manzili hamda Platforma tomonidan asosli ravishda talab qilinadigan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilishi mumkin.
4.2. Buyurtma beruvchi Foydalanuvchi 18 yoshga to‘lgan yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tegishli bitimni mustaqil tuzish huquqiga ega bo‘lishi kerak. Buyurtmani tasdiqlash bilan Foydalanuvchi ushbu talabga javob berishini tasdiqlaydi.
4.3. Foydalanuvchi o‘zi haqidagi ma’lumotlarni to‘g‘ri va dolzarb holda taqdim etadi hamda o‘zgarganda yangilaydi. Noto‘g‘ri manzil, telefon raqami yoki boshqa ma’lumot oqibatida yetkazib berish qiyinlashsa, 8-bo‘lim qoidalari qo‘llanadi.
4.4. Foydalanuvchi SMS-kod, Hisobga kirish vositalari va boshqa autentifikatsiya ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga bermasligi kerak. Foydalanuvchi Platformaga ruxsatsiz kirish haqida xabar berguniga qadar uning autentifikatsiya vositalari orqali bajarilgan harakatlar Foydalanuvchining harakatlari deb hisoblanishi mumkin, aksini ishonchli dalillar tasdiqlagan holatlar bundan mustasno.
4.5. Foydalanuvchi telefon raqamini yo‘qotsa yoki Hisobga ruxsatsiz kirilganidan shubhalansa, Yordam xizmatiga darhol xabar beradi. Platforma xavfsizlik maqsadida Hisobni vaqtincha cheklashi va qo‘shimcha tasdiqlash talab qilishi mumkin.
4.6. Hisobni sotish, boshqa shaxsga doimiy foydalanish uchun berish yoki firibgarlik maqsadida boshqa shaxs nomidan foydalanish taqiqlanadi.
5. MAHSULOT, SOTUVCHI VA NARX TO‘G‘RISIDAGI MA’LUMOT
5.1. Har bir Tovar taklifida tegishli Do‘kon, Mahsulot, narx va Platforma funksionalida nazarda tutilgan boshqa muhim ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Mahsulotning sotuvchisi tegishli Do‘kon hisoblanadi.
5.3. Foydalanuvchi Buyurtmani tasdiqlashdan oldin kamida Mahsulotlar qiymati, amaldagi chegirmalar, Servis haqi, Yetkazib berish haqi va Jami summani ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.
5.4. Do‘kon tomonidan moliyalashtiriladigan chegirmalar va Platforma tomonidan o‘z hisobidan beriladigan promo-kod, bonus yoki boshqa rag‘batlar Platformada ularning tegishli shartlariga muvofiq qo‘llanadi.
6. BUYURTMANI RASMIYLASHTIRISH VA BAJARISH
6.1. Foydalanuvchi Do‘kon, Mahsulotlar, miqdor, yetkazib berish manzili va Platformada talab qilinadigan boshqa ma’lumotlarni tanlab, Buyurtmani tasdiqlaydi.
6.2. Foydalanuvchining Buyurtmani tasdiqlashi va tegishli to‘lov harakatini amalga oshirishi Do‘konning Tovar taklifini qabul qilish sifatida Platformada qayd etilishi mumkin. Platforma Buyurtmani Do‘konga elektron shaklda yuboradi.
6.3. Do‘kon Mahsulot mavjudligini tekshiradi, Buyurtmani yig‘adi, tekshiradi, qadoqlaydi va Yetkazib beruvchiga topshirishga tayyorlaydi. Mahsulot mavjud bo‘lmasa yoki Buyurtmani bajarishga boshqa obyektiv to‘sqinlik bo‘lsa, Buyurtma to‘liq yoki qisman bekor qilinishi va tegishli summa qaytarilishi mumkin.
6.4. Mavjud bo‘lmagan Mahsulotni boshqa Mahsulot bilan almashtirish faqat Foydalanuvchining oldindan roziligi olingan va Platforma bunday almashtirishni qayd etishga imkon bergan hollarda amalga oshiriladi.
6.5. Platformada Buyurtmaning “tayyor”, “kuryer yo‘lda”, “olib ketildi”, “yetkazildi”, “qaytarilmoqda” yoki boshqa holatlari ko‘rsatilishi mumkin. Texnik holat nomlari o‘zgarishi mumkin, biroq ular Buyurtmaning real bajarilishiga mos bo‘lishi kerak.
7. TO‘LOV, SERVIS HAQI VA YETKAZIB BERISH HAQI
7.1. Buyurtma bo‘yicha to‘lov Platforma bilan integratsiya qilingan To‘lov tashkiloti orqali amalga oshiriladi. Platforma qonunchilikda nazarda tutilmagan bank yoki to‘lov xizmatlarini mustaqil ko‘rsatmaydi.
7.2. Texnik va huquqiy imkoniyat mavjud bo‘lganda To‘lov tashkiloti Foydalanuvchi to‘lagan mablag‘larni tegishli oluvchilar o‘rtasida avtomatik taqsimlashi, deponentlashi, qaytarishi yoki boshqa qonuniy to‘lov mexanizmini qo‘llashi mumkin.
7.3. Servis haqi Mahsulotlar qiymatidan va Yetkazib berish haqidan alohida ko‘rsatiladi. Uning miqdori Buyurtma tasdiqlanishidan oldin Foydalanuvchiga ma’lum qilinadi va Foydalanuvchi Buyurtmani tasdiqlash orqali aynan ko‘rsatilgan summaga rozilik bildiradi.
7.4. Yetkazib berish haqi Platformada belgilanadi va Foydalanuvchiga Buyurtmani tasdiqlashdan oldin alohida ko‘rsatiladi. Foydalanuvchi Buyurtmani tasdiqlash orqali aynan ko‘rsatilgan summaga rozilik bildiradi.
7.5. Yetkazib beruvchining Marketplace bilan alohida shartnoma bo‘yicha haqiqiy haqi Foydalanuvchidan undiriladigan Yetkazib berish haqiga teng bo‘lishi shart emas. Foydalanuvchidan undiriladigan Yetkazib berish haqi Yetkazib beruvchining haqidan kam bo‘lsa, tegishli farq Marketplace tomonidan qoplanadi va Foydalanuvchidan keyinchalik qo‘shimcha ravishda undirilmaydi.
7.6. Buyurtmadagi Mahsulotlar qiymati 350 000 (uch yuz ellik ming) so‘m yoki undan ko‘p bo‘lgan taqdirda, Foydalanuvchi uchun Yetkazib berish haqi 0 (nol) so‘m etib belgilanadi. Bunda Yetkazib beruvchiga tegishli haq Marketplace tomonidan qoplanadi. Mahsulotlar qiymatini aniqlashda Servis haqi va Yetkazib berish haqi hisobga olinmaydi.
7.7. Platforma alohida aksiya yoki promo shartlari doirasida boshqa hollarda ham bepul yoki chegirmali yetkazib berishni taklif qilishi mumkin. Bunday shartlar Buyurtmani tasdiqlashdan oldin ko‘rsatiladi.
7.8. Foydalanuvchi kuryerga yoki Do‘konga Platformada ko‘rsatilmagan qo‘shimcha pul to‘lamasligi kerak. Kuryer yoki Do‘kon qo‘shimcha to‘lov talab qilsa, Foydalanuvchi Yordam xizmatiga murojaat qilishi lozim.
7.9. Buyurtma tasdiqlanganda Jami summa Foydalanuvchining kartasida To‘lov tashkiloti orqali bloklanadi (rezerv qilinadi) va Mahsulot yetkazilganda yakuniy summa yechib olinadi. Yakuniy summa Buyurtma tarkibidagi o‘zgarishlar (tortib sotiladigan Mahsulot og‘irligi, mavjud bo‘lmagan Mahsulot) sabab Buyurtmani tasdiqlashda ko‘rsatilgan summadan kam bo‘lishi mumkin; bunday holda farq yechib olinmaydi yoki qaytariladi. Blok muddati (24 soatgacha) Buyurtma yetkazilgunga qadar tugasa, Buyurtma avtomatik bekor qilinadi va bloklangan mablag‘ to‘liq bo‘shatiladi.
8. YETKAZIB BERISH TARTIBI
8.1. Do‘kon Buyurtmani yig‘ib, tegishli tarzda qadoqlagach, Marketplace Yetkazib beruvchiga tegishli Tashish topshirig‘ini yuboradi. Yetkazib beruvchi Tashish topshirig‘ini qabul qilgach, kuryerni yuboradi va tashishni tashkil etadi.
8.2. Mahsulot Yetkazib beruvchiga amalda topshirilgunga qadar uning komplektatsiyasi, sifati, qadoqlanishi va saqlanishiga oid Do‘kon majburiyatlari saqlanadi. Mahsulot Yetkazib beruvchiga amalda topshirilgan paytdan Foydalanuvchiga yoki qonuniy qaytarishda Do‘konga qayta topshirilgunga qadar tashish davridagi saqlanish, yo‘qolish, kam chiqish, shikastlanish va noto‘g‘ri shaxsga topshirish bo‘yicha Yetkazib beruvchining javobgarligi uning Marketplace bilan tuzilgan shartnomasi va qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
8.3. Platformadagi “Buyurtma tayyor” holati Mahsulot Yetkazib beruvchiga topshirilganini anglatmaydi. Tashish bo‘yicha javobgarlik Mahsulotning Yetkazib beruvchi yoki uning vakolatli kuryeri tomonidan amalda qabul qilinishidan boshlanadi.
8.4. Foydalanuvchi to‘g‘ri manzil, telefon raqami va kirish uchun zarur amaliy ma’lumotlarni taqdim etishi, yetkazib berish vaqtida aloqa uchun mavjud bo‘lishi va Mahsulotni kelishilgan joyda qabul qilishi shart.
8.5. Mahsulotni topshirish Platforma funksionaliga qarab bir martalik tasdiqlash kodi (OTP/SMS-kod), elektron tasdiq, imzo yoki boshqa ishonchli usul bilan qayd etilishi mumkin. Foydalanuvchi Mahsulotni amalda olmasdan turib topshirishni tasdiqlovchi kodni kuryerga bermasligi kerak.
8.6. GPS/geolokatsiya, kuryerning manzilga yetib kelgani yoki eshikning surati o‘z-o‘zidan Mahsulot topshirilganini anglatmaydi. Mahsulotning nazoratsiz joyda qoldirilishi faqat Foydalanuvchi bunday kontaktsiz topshirish usulini oldindan tanlagan yoki aniq tasdiqlagan hollarda amalga oshirilishi mumkin.
8.7. Foydalanuvchi Mahsulotni qabul qilayotganda, imkon qadar, Yuk joylari soni va qadoqning tashqi holatini tekshirishi hamda ko‘rinadigan kamomad yoki shikastlanish haqida darhol Platforma yoki kuryer orqali qayd kiritishi tavsiya etiladi. Bu yashirin nuqsonlar yoki qonunchilikdagi boshqa huquqlardan voz kechish hisoblanmaydi.
8.8. Yetkazib berish vaqtida kechikish, yo‘l-transport hodisasi, texnik nosozlik, Mahsulotning shikastlanishi, yo‘qolishi yoki boshqa muhim holat yuz bersa, Platforma mavjud ma’lumotlar asosida Foydalanuvchiga tegishli holat haqida xabar berishi va Yetkazib beruvchi bilan zarur choralarni muvofiqlashtirishi mumkin.
9. BUYURTMANI BEKOR QILISH, MAHSULOTNI VA PULNI QAYTARISH
9.1. Foydalanuvchi Buyurtmani Platformada mavjud funksional orqali bekor qilishi mumkin. Buyurtmaning qaysi bosqichida bekor qilish mumkinligi uning yig‘ilishi, Yetkazib beruvchiga topshirilishi, Mahsulot xususiyati va qonunchilikdagi majburiy qoidalardan kelib chiqib belgilanadi.
9.2. Buyurtma Do‘kon tomonidan bajarib bo‘lmasligi, Mahsulot mavjud emasligi, texnik xato yoki Foydalanuvchiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa sabab bilan bekor qilinsa, Foydalanuvchidan olinib, tegishli ravishda qaytarilishi lozim bo‘lgan summa 3 (uch) ish kuni ichida To‘lov tashkiloti orqali qaytariladi.
9.3. Mahsulot sifati, miqdori, assortimenti, tavsifga muvofiqligi, yaroqlilik muddati yoki boshqa sotuvchi majburiyatlariga oid talablar bo‘yicha asosiy javobgarlik Do‘kon zimmasida bo‘ladi. Foydalanuvchi bunday murojaatni Platformaning Yordam xizmati orqali yuborishi mumkin, Platforma esa uni Do‘konga yo‘naltiradi va ko‘rib chiqish jarayonini texnik jihatdan kuzatadi.
9.4. Mahsulot sifatsiz, tavsifga mos emas, noto‘g‘ri komplektatsiya qilingan yoki Do‘kon aybi bilan boshqa qonuniy qaytarish asosi mavjud bo‘lsa, Foydalanuvchi qonunchilikda nazarda tutilgan almashtirish, narxni kamaytirish, shartnomani bekor qilish, pulni qaytarish yoki boshqa huquqlardan foydalanishi mumkin. Foydalanuvchi zimmasiga yuklanmaydigan qaytarish xarajatlari Do‘kon hisobidan qoplanadi.
9.5. Mahsulot Yetkazib beruvchi javobgarligi davrida yo‘qolgan, shikastlangan yoki noto‘g‘ri topshirilgan bo‘lsa, Foydalanuvchi Yordam xizmatiga murojaat qiladi. Platforma tegishli Yetkazib beruvchi va Do‘kon bilan zarur tekshiruv, qayta yetkazish, almashtirish yoki pulni qaytarish jarayonini muvofiqlashtiradi. Foydalanuvchining majburiy huquqlari uning Yetkazib beruvchi bilan bevosita nizolashishga majbur qilinishi bilan cheklanmaydi.
9.8. Pulni qaytarish, odatda, To‘lov tashkiloti orqali dastlabki to‘lov usuliga qaytarish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Qaytarishning bank/to‘lov tashkilotiga bog‘liq texnik muddati Foydalanuvchiga mavjud bo‘lgan darajada ko‘rsatiladi.
9.9. Servis haqi va Yetkazib berish haqining qaytarilishi Buyurtmaning bekor qilinish sababi, tegishli xizmatning amalda ko‘rsatilgan-ko‘rsatilmagani va qonunchilikka muvofiq belgilanadi. Platforma yoki jalb qilingan shaxslarning aybi bilan xizmat ko‘rsatilmagan qism uchun Foydalanuvchidan haq undirilmaydi yoki tegishli summa qaytariladi.
10. FOYDALANUVCHINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
10.1. Foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
- Sotuvchi, Mahsulot, narx, Servis haqi, Yetkazib berish haqi va Buyurtmaning Jami summasi haqida Buyurtmani tasdiqlashdan oldin axborot olish;
- Buyurtma holatini Platformada kuzatish va Yordam xizmatiga murojaat qilish;
- qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda Mahsulot, yetkazib berish va to‘lovga oid talablar qo‘yish;
- o‘z shaxsga doir ma’lumotlari bo‘yicha Maxfiylik siyosati va qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;
- reklama xabarlarini olishga berilgan rozilikni qaytarib olish va Hisobni o‘chirishni so‘rash.
10.2. Foydalanuvchi quyidagilarga majbur:
- ro‘yxatdan o‘tish va Buyurtma uchun to‘g‘ri, to‘liq va dolzarb ma’lumotlarni taqdim etish;
- Buyurtma uchun Platformada ko‘rsatilgan Jami summani tegishli tartibda to‘lash;
- Yetkazib berish uchun ko‘rsatilgan manzilda va aloqa uchun mavjud bo‘lish;
- SMS/OTP kodlari va Hisob xavfsizligini saqlash;
- Platforma, Do‘kon, Yetkazib beruvchi va Yordam xizmati vakillari bilan odob qoidalariga muvofiq munosabatda bo‘lish.
10.3. Foydalanuvchiga quyidagilar taqiqlanadi: soxta Buyurtmalar yaratish; boshqa shaxsning to‘lov vositasidan ruxsatsiz foydalanish; bonus, promo-kod yoki aksiyalardan suiiste’mol qilish; Platformaning texnik himoyasini chetlab o‘tish; bot, skript yoki boshqa avtomatlashtirilgan vositalar bilan Platforma ishiga asossiz aralashish; zararli dastur, spam yoki noqonuniy Kontent tarqatish; kuryer, Do‘kon yoki Yordam xizmati xodimlariga tahdid, haqorat yoki bosim o‘tkazish; Platformada nazarda tutilmagan to‘lovni chetlab o‘tish maqsadida kuryer yoki Do‘kon bilan yashirin hisob-kitob qilish.
11. BAHOLAR, SHARHLAR VA FOYDALANUVCHI MATERIALLARI
11.1. Foydalanuvchi bajarilgan Buyurtma bo‘yicha Do‘kon, Mahsulot va yetkazib berishga baho berishi hamda sharh qoldirishi mumkin.
11.2. Sharh Foydalanuvchining haqiqiy tajribasiga asoslanishi, qonunchilikni va uchinchi shaxslar huquqlarini buzmasligi kerak.
11.3. Platforma haqoratli, kamsituvchi, odobsiz, shaxsga doir ma’lumotni asossiz oshkor qiluvchi, reklama yoki spam tusidagi, Buyurtmaga aloqador bo‘lmagan yoki qonunchilikka zid materialni olib tashlashi yoki ko‘rinishini cheklashi mumkin.
11.4. Foydalanuvchi o‘z materiallariga bo‘lgan huquqlarini saqlab qoladi va ularni Platformada joylashtirish bilan Platformaga bunday materiallarni Platforma funksionali doirasida ko‘rsatish uchun bepul, oddiy (noeksklyuziv) foydalanish huquqini beradi.
12. INTELLEKTUAL MULK
12.1. Platformaning dasturiy ta’minoti, dizayni, nomi, logotipi va unga tegishli boshqa obyektlar huquq egalariga tegishli. Mahsulot rasmlari, tavsiflari va Do‘kon brendlari tegishli Do‘kon yoki boshqa huquq egalariga tegishli.
12.2. Foydalanuvchiga Platformadan shaxsiy foydalanish uchun oddiy, boshqa shaxsga o‘tkazib bo‘lmaydigan va Kelishuv amal qiladigan davrda amal qiluvchi foydalanish huquqi beriladi.
12.3. Kontentni huquq egasining roziligisiz qonunchilikda ruxsat etilgan hajmdan tashqari nusxalash, tarqatish, o‘zgartirish, tijorat maqsadida ishlatish yoki Platformaning dasturiy qismini teskari tahlil qilish taqiqlanadi.
13. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLAR VA XABARNOMALAR
13.1. Platforma Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlariga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va amaldagi Maxfiylik siyosatiga muvofiq ishlov beradi.
13.2. Buyurtmani bajarish uchun zarur bo‘lgan ism, telefon raqami, yetkazib berish manzili, Buyurtma tarkibi va boshqa zarur ma’lumotlar tegishli Do‘kon, Yetkazib beruvchi, To‘lov tashkiloti va boshqa jalb qilingan shaxslarga faqat zarur hajmda berilishi mumkin.
13.3. Platforma Foydalanuvchiga Buyurtma holati, yetkazib berish, to‘lov, Hisob xavfsizligi, Kelishuvdagi muhim o‘zgarishlar va boshqa xizmat xabarlarini Platforma ichidagi xabar, SMS va/yoki boshqa xabar orqali yuborishi mumkin.
13.4. Reklama va aksiya xabarlari qonunchilikda talab qilinadigan tegishli rozilik mavjud bo‘lganda yuboriladi. Bunday rozilikni Foydalanuvchi mavjud texnik vositalar orqali qaytarib olishi mumkin.
13.5. Yetkazib berish jarayonida Yetkazib beruvchiga Foydalanuvchining faqat Buyurtmani topshirish uchun zarur aloqa va manzil ma’lumotlari beriladi. Yetkazib beruvchi ushbu ma’lumotlardan mustaqil marketing yoki Foydalanuvchi bilan Platformani chetlab o‘tuvchi tijorat aloqalarini o‘rnatish uchun foydalanmaydi.
14. PLATFORMANING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
14.1. Platforma qonunchilikda elektron savdo maydonchasi operatori uchun nazarda tutilgan majburiyatlarni bajaradi, o‘z nomi, rekvizitlari va aloqa ma’lumotlarini tegishli elektron resursda joylashtiradi hamda Platformaning asosiy funksiyalarini oqilona darajada ishlash holatida saqlash choralarini ko‘radi.
14.2. Platforma har bir Buyurtma doirasida tegishli Do‘konni aniqlash imkonini beradi, Buyurtma va to‘lov jarayonini texnik tashkil etadi, Yetkazib beruvchiga zarur tashish ma’lumotlarini yuboradi va Foydalanuvchi murojaatlarini tegishli ishtirokchiga yo‘naltiradi.
14.3. Platforma firibgarlikni oldini olish, axborot xavfsizligini ta’minlash, noqonuniy Kontentni cheklash, texnik ishlarni amalga oshirish va Platforma funksionalini yangilash uchun zarur choralarni ko‘rishga haqli.
14.4. Platforma rejalashtirilgan texnik ishlar yoki xavfsizlik hodisalari sabab ayrim funksiyalarni vaqtincha cheklashi mumkin. Vaziyat imkon berganda Foydalanuvchiga bu haqda oldindan yoki imkon qadar tez xabar beriladi.
14.5. Platforma Foydalanuvchi murojaatlarini ularning mazmuni va qonunchilikda belgilangan muddatlardan kelib chiqib ko‘rib chiqadi yoki tegishli Do‘kon, Yetkazib beruvchi yoxud To‘lov tashkilotiga yo‘naltiradi.
15. HISOBNI CHEKLASH VA KELISHUVNI BEKOR QILISH
15.1. Platforma quyidagi holatlarda Hisobni yoki ayrim funksiyalarni vaqtincha cheklashi mumkin: firibgarlik yoki soxta Buyurtma alomatlari; to‘lov tizimidan suiiste’mol qilish; Hisob xavfsizligiga tahdid; 10.3-banddagi taqiqlarning jiddiy yoki takroriy buzilishi; vakolatli davlat organi yoki sud talabi; Platforma, Do‘kon, Yetkazib beruvchi yoki uchinchi shaxslar uchun jiddiy xavf tug‘diradigan boshqa holatlar.
15.2. Vaziyat imkon berganda Platforma cheklash sababi haqida Foydalanuvchiga Platforma yoki SMS orqali xabar beradi. Foydalanuvchi Yordam xizmati orqali tegishli qaror yuzasidan izoh yoki qayta ko‘rib chiqishni so‘rashi mumkin.
15.3. Buzilish jiddiy yoki takroriy bo‘lsa yoxud Hisobdan foydalanish qonunchilikka zid bo‘lib qolsa, Platforma Kelishuvni bir tomonlama bekor qilishi va Hisobni o‘chirishi mumkin, Foydalanuvchining qonunchilikdagi majburiy huquqlari bundan mustasno.
15.4. Foydalanuvchi Hisobni o‘chirish orqali Kelishuvni bekor qilishni so‘rashi mumkin. Hisobning o‘chirilishi avval yuzaga kelgan Buyurtmalar, pulni qaytarish, da’volar yoki boshqa tugallanmagan majburiyatlarni bekor qilmaydi.
16. JAVOBGARLIK VA YENGIB BO‘LMAS KUCH
16.1. Platforma o‘z nazoratidagi Platforma funksionali va ushbu Kelishuv bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni lozim darajada bajarishi uchun qonunchilikka muvofiq javob beradi.
16.2. Mahsulotning sifati, xavfsizligi, tarkibi, yaroqlilik muddati, assortimenti, tavsifi, markirovkasi va qonuniy sotilishi bo‘yicha sotuvchiga tegishli majburiyatlar Do‘kon zimmasida bo‘ladi. Qonunchilikda Marketplace uchun bevosita yoki subsidiar javobgarlik nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
16.3. Mahsulot Yetkazib beruvchi tomonidan amalda qabul qilinganidan keyingi tashish davrida uning yo‘qolishi, kam chiqishi, shikastlanishi, saqlanish rejimining buzilishi yoki noto‘g‘ri shaxsga topshirilishi bo‘yicha Yetkazib beruvchining javobgarligi tegishli tashish shartnomasi va qonunchilikka muvofiq belgilanadi. Platforma Foydalanuvchi bilan bunday holatlarni hal qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajaradi.
16.4. Platforma aloqa operatori, To‘lov tashkiloti, bank, Foydalanuvchi qurilmasi yoki boshqa o‘z nazoratidan tashqaridagi tizim nosozligi uchun, agar Platforma tegishli xizmatni tanlash va boshqarishda oqilona ehtiyotkorlik ko‘rsatgan bo‘lsa, javobgar bo‘lmaydi. Bunday nosozlik sabab pul yechilib, Buyurtma shakllanmagan bo‘lsa, Platforma To‘lov tashkiloti bilan tegishli qaytarish jarayonini muvofiqlashtiradi.
16.5. Foydalanuvchi noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etishi, SMS/OTP kodini uchinchi shaxsga berishi, Hisob xavfsizligi talablarini buzishi yoki Kelishuvga zid harakatlari oqibatlari uchun qonunchilikda belgilangan doirada javob beradi.
16.6. Tomonlar o‘z nazoratidan tashqarida bo‘lgan va oqilona choralar bilan oldini olish mumkin bo‘lmagan yengib bo‘lmas kuch holatlari sabab majburiyatni bajara olmagan qism uchun qonunchilikka muvofiq javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
16.7. Ushbu Kelishuvning hech bir qoidasi Foydalanuvchining iste’molchi sifatidagi qonunchilikda belgilangan majburiy huquqlarini cheklash sifatida talqin qilinmaydi.
17. KELISHUVNI O‘ZGARTIRISH
17.1. Platforma Kelishuvga kelajak uchun o‘zgartirish kiritishi mumkin. Foydalanuvchining huquq va majburiyatlariga sezilarli ta’sir qiladigan o‘zgarishlar, odatda, kuchga kirishidan kamida 30 kalendar kun oldin Platformada e’lon qilinadi va mavjud aloqa kanali orqali xabar beriladi.
17.2. Qonunchilikdagi majburiy o‘zgarish, axborot xavfsizligi tahdidi yoki zudlik bilan bartaraf etilishi lozim bo‘lgan boshqa holat sabab o‘zgartirishni darhol qo‘llash zarur bo‘lsa, Platforma o‘zgarishni tegishli zarur muddatda kiritishi va Foydalanuvchini imkon qadar tez xabardor qilishi mumkin.
17.3. Kelishuvning yangi tahriri, agar qonunchilik yoki o‘zgarishning o‘zida boshqacha nazarda tutilmagan bo‘lsa, u kuchga kirishidan oldin tasdiqlangan Buyurtmalarga tatbiq etilmaydi.
17.4. Foydalanuvchi yangi tahrirga rozi bo‘lmasa, u kuchga kirguniga qadar Hisobni o‘chirishni so‘rashi mumkin. Yangi tahrir kuchga kirganidan keyin Platformadan foydalanishda davom etish, qonunchilikda alohida rozilik talab qilinadigan holatlar bundan mustasno, yangi tahrirni qabul qilish sifatida baholanishi mumkin.
18. MUROJAATLAR VA NIZOLARNI HAL ETISH
18.1. Foydalanuvchi Mahsulot, Buyurtma, yetkazib berish, to‘lov, qaytarish yoki Hisob bo‘yicha Yordam xizmatiga Platforma orqali murojaat qilishi mumkin.
18.2. Platforma murojaatning mazmunidan kelib chiqib uni o‘zi ko‘rib chiqadi yoki tegishli Do‘kon, Yetkazib beruvchi yoxud To‘lov tashkiloti bilan ko‘rib chiqishni muvofiqlashtiradi. Bu Foydalanuvchini qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa himoya usullaridan mahrum etmaydi.
18.3. Kelishuvga erishilmasa, Foydalanuvchi vakolatli davlat organiga yoki sudga qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli.
18.4. Kelishuvga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo‘llaniladi.
19. YAKUNIY QOIDALAR
19.1. Platforma orqali shakllantirilgan elektron qaydlar, SMS tasdiqlari, Buyurtma holatlari, vaqt tamg‘alari va To‘lov tashkilotining elektron ma’lumotlari, ular texnik xato yoki soxtalashtirish bilan rad etilmagan taqdirda, tegishli harakatlarni tasdiqlovchi dalil sifatida foydalanilishi mumkin.
19.2. Shaxsga doir ma’lumotlar masalalarida Maxfiylik siyosati qo‘llaniladi. Yetkazib berish tariflarini hisoblash Platformaning ichki tarif/pricing qoidalari asosida amalga oshirilishi mumkin, biroq Foydalanuvchi uchun majburiy bo‘lgan Yetkazib berish haqi aynan Buyurtmani tasdiqlashdan oldin Platformada ko‘rsatilgan summadir.
19.3. Kelishuvning biror qoidasi haqiqiy emas yoki qo‘llanilishi mumkin emas deb topilishi qolgan qoidalarning haqiqiyligiga ta’sir qilmaydi.
19.4. Kelishuv o‘zbek tilida tuzilgan. Boshqa tildagi tarjima bilan tafovut bo‘lsa, o‘zbek tilidagi matn ustun hisoblanadi, qonunchilikda boshqacha talab nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.